Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari haqida bilasizmi?
Hozirda har qanday tashkilotga uydan chiqmay turib, elektron murojaat qilish mumkin. Lekin, baʼzi fuqarolar murojaat qilishning anʼanaviy usulini, yaʼni yuzma-yuz o‘tirib muammolarini gapirib berishni afzal ko‘rishadi. Muammo yo‘q. Agar inson huquqlarini buzilishiga oid biror bir shikoyatingiz bo‘lsa, Ombudsman murojaatlaringizni fuqarolar qabuli orqali qabul qilishi mumkin.

Men respublikaning chekka hududlarida yashayman poytaxtga borishga imkonim yo‘q desangiz, Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga murojaat qilishingiz mumkin. Davlat rahbarining 2021-yil 10-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2022-yildan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular nafaqat murojaatingizni qabul qilishlari, balki, zarurat bo‘lsa mutaxassislar jalb qilgan holda masalani joyiga chiqib o‘rganishlari ham mumkin.

Ombudsman.uz sayti orqali Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari, ularning qabul kunlari va telefon raqamlarini bilib olishingiz mumkin.

Mintaqaviy vakillar murojaatingizni qay tartibda ko‘rib chiqadi va ularning yana qanday vazifalari bor? Hozir shu haqda.

Mintaqaviy vakillarning asosiy vazifasi — fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, o‘rganish va ularning buzilgan huquqlarini tiklashda yordam berishdir. Ular fuqaro murojaatini har tomonlama o‘rganish uchun zarur hollarda, ekspertlar, mutaxassislar va tegishli tashkilotlar vakillarini ham jalb qilishi mumkin. 

Har bir insonning ovozi eshitilishi kerak. Ombudsman mintaqaviy vakillari ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashib, ularning huquqlarini taʼminlashga ko‘maklashadi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”laridagi murojaatlarni qabul qilib o‘z nazoratiga oladi. Shuningdek, mazkur penitensiar muassasalariga monitoring tashriflarini amalga oshirib, hududdagi sharoitlarni jamoatchilik guruhi aʼzolari bilan birgalikda o‘rganishadi.

Aholi murojaatlaridan kelib chiqib, respublika bo‘ylab, hattoki eng chekka hududlarda ham fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib ular murojaatlarini o‘rganadi. Ushbu “Ombudsman maktabi” tadbirlariga tegishli davlat tashkilotlari vakillari ham jalb etilib, aholiga murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tushuntirishlar beriladi. “Ombudsman soati” loyihalari orqali esa maktab o‘quvchilariga o‘z huquqlari tushuntiriladi. Bundan tashqari ular OAV orqali ham turli chiqishlarni amalga oshirishadi.

Ko‘rib turganingizdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari bir qator masʼuliyatli vazifalarni bajaradilar. Shu bois, ular o‘z ish jadvallarini shunga mos ravishda tashkil etadilar. Agar siz ularga murojaat qilishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, qabul kunlarida kelishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati