Mazkur uchrashuv “Ombudsman klubi”ga aʼzo bo‘lish istagida bo‘lgan talabalarni Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda qayd etilishicha, 3 yil davomida “Ombudsman klubi”ga aʼzo bo‘lish istagida 180 dan ortiq arizalar kelib tushgan. Suhbat asosida talabalardan 60 nafari tanlab olinib, ular universitetda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashgan. Yil yakunida eng faol ishlagan klub aʼzolarini faxriy yorliqlar bilan taqdirlash amaliyoti ham joriy etilgan. Hattoki, 2023-2024 yillarda klub aʼzolaridan 4 nafari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga ishga qabul qilingan.
“Ombudsman klubi” aʼzolari darsdan so‘ng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkaziladigan monitoring tashriflarini kuzatish kabi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirishlari mumkin.
Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) F.Eshmatova hamda Ozarbayjon Respublikasi Ombudsmani S.Aliyevalar talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berishdi. Ular talabalarning savollariga javob berar ekan, inson huquqlarini himoya qilishdagi muammolar va ularni hal qilish yo‘llari haqida ham fikr almashdilar. Ushbu davra suhbati orqali ishtirokchilar Ombudsmanlarning vakolatlari va ularga kelib tushayotgan murojaatlar, inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi xalqaro va milliy tajriba haqida ko‘plab maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.
Tadbir yakunida “Ombudsman klubi”da faol ishtirok etgan 2 nafar talabaga Ombudsmanga aʼzolik kartasi, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati