Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi navbatdagi ochiq muloqot tafsilotlari
Maʼlumki, 3 yildan buyon Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda inson huquqlarini taʼminlashda davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Inson huquqlari va erkinliklarining taʼminlanishida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi” mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi ochiq muloqot 2024 yilning 5 iyun kuni BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili va Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekistonda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, Sudyalar oliy Kengashi hamda 20ga yaqin fuqarolik jamiyati institutlari faollari, jumladan “Madad” nodavlat tashkiloti, “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi, “Yuksalish” umumxalq harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi, “Markaziy Osiyo assotsiatsiyasi” jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Hamroh”, “Rahimdillik” nodavlat notijorat tashkilotlari, “Sharoit plus” nogironlar jamoat birlashmasi, “Oydin nur” oilani ijtimoiy himoyalash markazi va boshqa huquq faollari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur davra suhbatini tashkil etishdan maqsad – Ombudsmanning  nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini yana-da rivojlantirish, NNTlar bilan hamkorlikda jamoatchilik nazorati doirasida amalga oshirilgan tahlillar natijalarini muhokama qilish, Ombudsman, NNTlar hamda sud tizimi istiqboldagi hamkorligini kuchaytirishdir.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari fidoyilik bilan inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash yo‘lida faoliyat yuritishmoqda. Ombudsman va uchinchi sektor vakillarini inson huquqlarining taʼminlanishidek ulug‘vor maqsad birlashtirgani uchun ham biz o‘z faoliyatimiz davomida ular bilan hamkorlikni kuchaytirishga va ularni qo‘llab-quvvatlashga va shu orqali jamoatchilik nazoratini mustahkamlashga harakat qilamiz. Jamiyatda xalqni o‘ylantirayotgan muhim masalalar NNT tomonidan ko‘tarilib takliflar berilayapti.

 Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda ushbu muloqot maydonini yaratishimizdan maqsadimiz ham shu. Uch yildan beri tizimli muhokamalarimizda siz tomoningizdan bildirilgan takliflarning bir qanchasi qonun hujjatlarida o‘z aksini topdi. Yilma yil nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining ishtiroki qamrovini ham kengaytirib bormoqdamiz.– dedi, Ombudsman Feruza Eshmatova.

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov o‘z so‘zida kyeyingi yillarda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimiz turmush darajasi va farovonligini yana-da oshirishga, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz taʼminlashga hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davom etayotganiga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, bu borada fuqarolik jamiyatining faolligi ham sezilarli ravishda oshib borayotganini taʼkidladi.

Tadbirda qayd etilishicha, 2023 yilda BMTning tegishli qo‘mitalariga kiritilgan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi hamda Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyalar ijrosi bo‘yicha Ombudsman maʼruzasi qator nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda tayyorlangan. Bundan tashqari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, penitensiar muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirishda ham hamkorlikda ishlaydi.

Shuningdek, davra suhbatida “Rahmdillik”, “MADAD” NNT va “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi vakillari tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilish, uy-joyga kiritib qo‘yish, tuhmat bilan bog‘liq ishlarni sudlarda ko‘rish amaliyotlari bo‘yicha olib borgan tahlil natijalarining taqdimotlari ham bo‘lib o‘tdi. Muhokamalarda ushbu o‘rganishlar asosida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar haqida fikr almashildi.

Tadbir yakunlariga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari fuqarolar bilan ishlash jarayonida aniqlangan jamiyatdagi qator masalalar, jumladan, ayollarni qo‘llab quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini taʼminlash, NNTlar vakillarining huquqiy xabardorligini oshirish va boshqa yo‘nalishlardagi takliflarini bildirishdi.Umumlashtirilgan takliflar masʼul idoralarga o‘rganib chiqish uchun kiritiladi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati