Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Namangan viloyatida qator yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
2025 yilning 31 iyul va 1 avgust kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, Ombudsman Devoni xodimlari tomonidan Namangan viloyatidagi qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda monitoring tashrifi amalga oshirildi.

31 iyul kuni o‘tkazilgan monitoring doirasida 6-son jazoni ijro etish koloniyasi, Namangan viloyati vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSʼH), Chust tuman VSʼH hamda viloyat maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.

Tashrif chog‘ida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, advokatlar bilan uchrashuv va tergov xonalaridagi sharoitlar o‘rganildi.

1 avgust kuni esa 6-son tergov hibsxonasi, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tumanlararo punkti hamda To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan viloyat Ruhiy asab-kasalliklar shifoxonasidagi sharoitlar ham o‘rganildi.

Qayd etish lozimki, monitoring davomida 6-son tergov hibsxonasi hududida 150 o‘ringa mo‘ljallangan, zamonaviy talablarga javob beradigan yangi bino qurilgani va unda shaxslar uchun munosib shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi. Tergov hibsxonalari va vaqtincha saqlash hibsxonalarida belgilangan normadan ortiq shaxslar saqlanayotgan ayrim holatlar kuzatilayotgan bir paytda, bunday infratuzilmaviy yangilanish inson huquqlarini taʼminlashda, shuningdek, inson qadrini asrashda muhim ahamiyatga ega.

Viloyat Ruhiy asab-kasalliklari shifoxonasidagi o‘rganishlarda bemorlarning yashash va davolanish sharoitlari, tibbiy xizmat sifati, sanitariya-gigiyena holati hamda dori-darmon bilan taʼminlanish masalalari o‘rganildi. Shuningdek, bemorlar va tibbiyot xodimlari bilan suhbatlar tashkil etildi.

Shuningdek, monitoringlar davomida “Ombudsman quti”lari orqali kelib tushgan murojaatlar qabul qilindi, ayrim muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari bevosita eshitildi.

Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi taʼminlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati