Uchrashuv jarayonida F.Eshmatova mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar, xususan joriy yilning 30 aprel kuni O‘zbekiston tarixida birinchi marta referendum asosida oliy huquqiy hujjat - Yangi Konstitutsiya qabul qilinganligi, unda inson huquqlari tamoyillari eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Konstitutsiyada Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Parlament Quyi palatasiga kiritishga haqli ekani belgilab qo‘yilgani, qonunchilik tashabbusi huquqi ko‘plab davlatlar Ombudsmanlarida mavjud emasligi qayd etildi.
Suhbat davomida mehmonlarga institutining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari, xalqaro hamkorlik, huquqiy tahlil va fuqarolik jamiyati institutlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilindi. Elchi Klemens Koyya Ombudsman instituti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv do‘stona, ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati