Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xorazmda o‘tkazilgan “Ombudsman maktabi” doirasida fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2023 yilning 17 aprel kuni Xorazm viloyatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan “O‘zbekiston xalqchil va ijtimoiy davlatdir” mavzusida “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi.

“Ombudsman maktabi” loyihasini amalga oshirishdan asosiy  maqsad –aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishdan iborat.

Tadbirda qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida Ombudsmanga yuborilgan murojaatlar tahlili fuqarolarning mehnat huquqlaridan xabardorligi yetarli darajada emasligini ko‘rsatdi. Shu nuqtai nazardan joriy yilning 30  aprel kunidan kuchga kiruvchi Yangi Mehnat kodeksida nazarda tutilgan normalar haqida aholi xabardorligi oshirish muhim ahamiyatga ega.

“Ombudsman maktabi” tadbirida dastlab amaldagi va yangi tahrirdagi Mehnat Kodekslarining farqli tomonlari kiritilgan yangiliklar ularni qo‘llash mexanizmlari bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berildi.

Mehnat kodeksidagi yangiliklardan biri sifatida  homilador ayollarga qo‘shimcha bo‘sh kunlar berilishi, masofadan turib ishlash shaklining kiritilgani, mehnat taʼtilining uzaytirilgani, sinov muddatlari belgilanmaydigan holatlarga alohida to‘xtalindi. Qolaversa, yangi tahrirdagi mehnat kodeksida xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi taqiqlangani qayd etildi.

Shuningdek, fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda tarixiy qonun deya taʼriflanayotgan Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qonunning mazmun-mohiyati ochib berildi.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga oiladagi kamsitishlar bo‘yicha 72 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 61 mingdan (85 foizdan) ortig‘i xotin-qizlarning kamsitilishiga taalluqli bo‘lgan. Yangi qonun bilan, er yoki xotin o‘z turmush o‘rtog‘ining o‘z huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa yoki tahqirlasa, qo‘rqitsa, yaqin qarindoshlardan ajratib qo‘ysa, qilmishning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.Masalan, shaxs o‘z turmush o‘rtog‘ini haqoratlab, qadr-qimmatini tahqirlasa, 6 mln so‘m jarimaga tortiladi. G‘arazli niyatlar bilan kaltaklab, badaniga og‘ir tan jarohati yetkazsa, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

Shuningdek, mazkur qonun bilan oiladagi jinsiy zo‘ravonlik, taʼqib qilish, shilqimlik, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun belgilangan jazo choralari, himoya orderi muddatini sud tomonidan 1 yil muddatgacha uzaytirilishi hamda oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalariga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda maʼmuriy sudlarga bergan daʼvolar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod qilingani haqida huquqiy tushunchalar berildi.

Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda fuqarolarning barcha savollariga atroflicha javob berildi.

Tadbirdan so‘ng, Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorov fuqarolar murojaatlarini qabul qildi va nazoratga oldi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati