Majlisda Ombudsman F. Eshmatova ma’ruza qilib, takliflarni kiritish sabablari va ularning huquqiy asoslarini bayon etdi.
Ta’kidlandiki, Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari o‘tkazgan monitoring tashriflari hamda kelib tushgan murojaatlar tahliliga tayangan holda, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga tatbiq etilayotgan ayrim tartib-qoidalarni qayta ko‘rib chiqish, ularning kundalik ehtiyojlarini yaxshiroq qondirish va insonparvarlik standartlarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.
Ma’ruzada, xususan, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida qo‘shimcha kiyim-bosh va poyabzal olish, shuningdek shu kunlarda kamida ikki soat sayr etishga ruxsat berish masalalariga doir murojaatlar soni ortgani qayd etildi.
Shunga muvofiq, loyiha amaldagi me’yorlarni to‘ldirib, tergov hibsxonalarida ushlab turilgan shaxslarga dam olish va bayram kunlarida kamida ikki soat sayr qilish hamda oyiga minimal ish haqining bir baravarigacha miqdorda oziq-ovqat va eng zarur buyumlarga xarajat qilish huquqini belgilashni taklif etadi.
Qonunchilik takliflarini tayyorlashda AQSh, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Germaniya, Kanada va bir qator MDH davlatlari amaliyoti o‘rganilib, milliy qonunchilikni xalqaro mezonlarga uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Qonunchilik palatasida mazkur taklif ko‘rib chiqilishi Konstitutsiyada belgilangan insonparvarlik, sha’n va qadr-qimmatga hurmat hamda boshqa huquqlarning oliy qadriyat sifatida tan olinishi tamoyillarini samarali tatbiq etishga, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning tuzalish yo‘liga o‘tishiga va milliy qonunchilikning xalqaro amaliyotga yanada moslashishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Majlisda qonunchilik taklifi deputatlar tomonidan ma’qullanib, tegishli qaror qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






