Aniqlanishicha mahkuma G.P. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Murojaatni o‘rganish davomida mahkuma bilan holi tarzda suhbat o‘tkazilganda, u saraton kasalligiga chalingani, tergov hibsxonada davolanayotganligini, lekin, sog‘ligi kundan kunga og‘irlashayotganligini bildirib, ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalarda davolanishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.
Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida mahkuma Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filialiga davolanish uchun yuborildi. Mahkuma 2 oydan ortiq vaqt davomida ushbu muassasada kerakli muolajalarni olgan.
Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hududlardagi mintaqaviy vakillari doimiy ravishda jazoni ijro etish muassasalariga borib, mahkumlarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganish bilan birga ular murojaatlarini ham qabul qilishadi.
Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Murodilla Normurodov Koson tumanidagi 10-sonli jazoni ijro etish muassasasida sayyor qabul o‘tkazganida mahkum Q.X. oilasi ijtimoiy yordamga muhtojligini maʼlum qildi. U murojaatida, voyaga yetmagan farzandlari borligi, turmush o‘rtog‘ining ishlab topgani oilani tebratishga yetmasligi sababli u bola puli olishga harakat qilayotganligini maʼlum qilgan. Ammo mahkum shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yangilash muddati o‘tib ketgani sababli hujjatlarni rasmiylashtirishda muammolar yuzaga kelganini bildirdi.
Mahkum oilasining ijtimoiy holati inobatga olinib, uning arizasi bo‘yicha tegishli organlarga murojaat qilindi va unga shaxsni tasdiqlovchi hujjat ID karta rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakiliga 36-son Manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan buxorolik mahkum t.I. oilasiga moddiy yordam ko‘rsatilishida yordam so‘rab murojaat qilgan. Aniqlanishicha, 2020 yilda tabiiy ofat sababli mahkumning oilasi yashab kelayotgan Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi uyga zarar yetgan. Tabiiy ofat natijasida zarar ko‘rgan oilalarga hokimiyat tomonidan qurilish materiallari olib berilgan. Mahkum murojaatida uyni kapital taʼmirlashni istashi, buning uchun yana qo‘shimcha qurilish mahsulotlarini sotib olish kerakligini, lekin moddiy imkoniyati yo‘qligi sababli yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Ombudsmanning Navoiy va Buxorodagi mintaqaviy vakillari hamkorligida ko‘rib chiqildi. Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova murojaatni joyiga chiqib o‘rganish maqsadida mahkum oilasi yashayotgan manzilga bordi. O‘rganish davomida haqiqatdan ham mahkum oilasi og‘ir sharoitda yashashi maʼlum bo‘ldi. Ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tuman hokimiyatiga murojaat qilinib, kerakli qurilish materiallari olib berildi.