Maʼruzada qayd etilishicha, 2024-yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar soni 23 422 tani tashkil etgan.
Fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar hamda monitoring tashriflari yakunlari bo‘yicha Parlament palatalariga 9 ta tahliliy maʼlumot, Vazirlar Mahkamasiga 5 ta tahliliy maʼlumot, davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga taqdimnoma, xulosa, daʼvo arizasi, talabnoma shaklidagi 182 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan.
Maʼruzada keltirilicha, Ombudsman tomonidan kiritilgan taʼsir choralari natijasida fuqarolar manfaatida jami 4,12 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan. Shuningdek, o‘z faoliyatiga masʼuliyat bilan yondoshmagan qator davlat tashkilotlari va idoralari xodimlarining 67 nafariga “xayfsan” berilgan, 8 nafariga jarima qo‘llanilgan, 7 nafari esa lavozimidan ozod etilgan.
Tadbirda deputatlar 2024-yilda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ombudsman.uz mobil ilovasi ishga tushirilganiga alohida eʼtibor qaratishdi. Mazkur ilovada OneID identifikatsiya tizimi orqali tez va oson ro‘yxatdan o‘tish, murojaat yuborish va javob xatlarini olish, onlayn maslahat, yangiliklar va statistik maʼlumotlardan xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.
Munozaralar davomida fraksiyalar aʼzolari tomonidan berilgan savollarga tegishli javoblar olinib, Ombudsmanning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasi maʼqullandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati