Uchrashuv davomida mehmon Fatma Aksal O‘zbekistonda gender tengligini taʼminlash, ayollar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratish borasi amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadi.
Shuningdek, Turkiyada gender tengligini taʼminlash va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi.
O‘zaro muloqotda Feruza Eshmatova mamlakatda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, hamda O‘zbekistonning keyingi besh yillik taraqqiyotini belgilab beruvchi Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlari va unda asosiy eʼtibor inson qadrini yuksaltirishga qaratilganligiga to‘xtaldi.
Shuningdek, Ombudsmanning 2021 yilgi faoliyatiga to‘xtalar ekan, o‘tgan yilda Vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 18738 ta murojaatning, 42,9 foizi xotin-qizlardan, 52,6 foizi esa erkaklardan kelib tushganini qayd etdi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman 2021 yilning noyabrida Turkiya respublikasiga qilgan tashrifida Fatma Aksal xonim bilan ham uchrashib, gender tengligini taʼminlash masalasida o‘zaro tajriba almashishgan edi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati