Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
YANGI O‘ZBEKISTON SHAROITIDA INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING ASOSIY OMILLARI
Maʼlumki, har qanday mamlakatning demokratik va insonparvarlik xususiyatlaridan biri bu - insonga bo‘lgan munosabat, inson huquqlari va erkinliklari qanday himoya qilinayotganligi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham ko‘pgina mamlakatlar tarixiy rivojlanish jarayonida inson huquqlariga oid o‘z qonunlar tizimini yaratgan.

Taʼkidlash joizki, mustaqillik yillarida yangi o‘zbek milliy huquqiy tizimi tubdan shakllandi. Ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan demokratik davlatning konstitutsiyaviy va huquqiy asoslari yaratildi, inson huquqlariga oid qonunlar tizimi barpo etildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining II-bob, 13-moddasida taʼkidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”. 1995 yil 23 fevral kuni MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Ombudsman instituti joriy etildi.

Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘z modeli, insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi monitoringi milliy tizimi shakllantirildi.

Taʼkidlash joizki, inson huquqlari, qadr ulug‘ligi diniy taʼlimotlarda, xususan, islomda aniq izohlab berilgan. Shariat nuqtai nazaridan ham inson koinotning eng ulug‘ va oliy martabali zotidir. Qurʼoni Karimning “Baqara” surasida (30-oyat) Olloh tomonidan farishtalarga xitob etilib, “Men (odamni) yer yuzida xalifa qilib yaratmoqchiman” deyiladi. Keyinroq 17-sura (70-oyat)da insonning maqomini ko‘tarib, “biz odam bolalarini aziz va muqarrar qildik” deb taʼkidlanadi. Qurʼonda barcha insonlar, ularning ijtimoiy mavqei, dini, millati, tili va irqidan qatʼiy nazar teng va barobarliklari eʼlon qilinib, darhaqiqat, biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik hamda bir-biringiz bilan tanishib, do‘stlik va birodarlikda yashashingiz uchun sizlarni turli tuman qabila va elatlar qilib qo‘ydik” (49 sura, 13-oyat) deyiladi.

Maʼlumki, milliy huquqiy meros millatimizning, xalqimizning benazir boyligidir. Bu boylik eng katta qadriyat hisoblangan buyuk mutafakkirlarimiz, alloma – ajdodlarimiz g‘oyalarida, asarlarida chuqur o‘z ifodasini topgan.Jahon ilmu - fani va madaniyati rivojiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz Sharqning mutafakkirlari al - Buxoriy, al - Xorazmiy, at - Termiziy, al – Farg‘oniy, Beruniy, Farobiy, Ibn Sino, A.Yassaviy, hazrat Bahouddin Naqshband, Amir Temur, Ulug‘bek, Navoiy, Bobur va boshqa daholarning bizga qoldirgan maʼnaviy merosi inson huquqlarini himoya ilishning tarixiy asoslari sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ulug‘ bobokalonimiz Amir Temur aytiganidek: "Qayerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik bo‘ladi".

So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy asarlarida insonparvarlik, odil podshoh, faqir miskinlarga ehtirom ko‘rsatish, saxovat, komil inson xususida juda ko‘p falsafiy fikrlar mavjud. Mutafakkir “Mahbub ul-qulub” asarini odil podshohlarni vasf qilishdan boshlaydi. Uning fikricha, adolatli podshohning mamlakat va xaloyiq uchun foydasining cheki-chegarasi yo‘q. Bunday podshoh, eng avvalo, xulq-odobda faqiru miskinlarga, aholining turli toifalariga birdek yumshoq va yaxshi muomalada bo‘ladi. Adolatli podshoh yuksak fazilatlar egasi. U qo‘l ostidagilarga marhamatli bo‘ladi, ammo zolim va qaroqchilar, o‘g‘rilar, yo‘lto‘sarlar uning haybatidan, jazolashi va qasos olishidan qo‘rqadilar. Podshohning saʼy-harakatlari, tirishqoqligi tufayli mamlakatda tinchlik, osudalik hukm suradi, uning mehr-muruvvati va qo‘li ochiqligidan xalq to‘q, farovon yashaydi.

Yurtimizda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, adolatni qaror toptirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bugun BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.Insonni ulug‘lash uni muhofaza qilish va har tomonlama kamol toptirish yangi O‘zbekistonning asosiy g‘oyasiga aylantirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi maʼruzasini tinglagan davlatlar rahbarlari, dunyo jamoatchiligi O‘zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish borasidagi o‘zgarishlarga o‘z bahosini berdi. Bu esa, mamlakatda davlat, jamiyat va fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tamoyillari va qadriyatlariga eʼtiborini kuchaytirish, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan samarali tadbirlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida tuzilma rahbarlari bilan uchrashuvlari chog‘ida 2018 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumini o‘tkazish tashabbusini bildirganligi ham bejiz emas, albatta. Eʼtiborli tomoni shundaki, BMT tashkil etilganidan keyingi 70 yil davomida Osiyo mintaqasida birinchi marta tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi yakunlari bo‘yicha inson huquqlari himoyasi yuzasidan Samarqand deklaratsiyasining qabul qilindi. Bu esa, yurtimizda inson huquqlari himoyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir.

“Milliy yuksalish” – mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri, hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi harakatdir. Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Jamiyatda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz» degan ulug‘vor maqsad shakllandi va «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga faol kirib bormoqda.

Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning samarali mexanizmini yaratish, inson huquqlari madaniyatini shakllantrish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ijro etish maqsadida 22 iyun 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6012-son Farmoni tasdiqlandi.

Taʼkidlash joizki, ushbu hujjatning tayyorlanishi jarayonida 50 dan ortiq davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim qilingan 200 dan ziyod taklif va mulohaza hisobga olindi. Farmonga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Milliy strategiyani tasdiqlashdan maqsad – mamlakatda turmush darajasi va farovonlikni oshirishning muhim va zaruriy sharti, davlatning jahon maydonidagi raqobatbardoshligi, uning barqaror rivojlanishi hamda demokratik yangilanishi sharti sifatida O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat.

Inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish bo‘yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan mazkur konsepsiya olti bo‘limdan iborat bo‘lib, milliy strategiyaning asosiy vazifalari 14 punktdan iborat holda ko‘rsatib berilgan. Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda fuqarolarimizning huquqiy madaniyati alohida o‘rin tutadi. Inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, taʼlim berish faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar ham milliy strategiyada o‘z aksini topgan. Bu borada xususan, partiyamiz saylovoldi dasturida ko‘rsatilgan vazifalar, yaʼni jamiyatda huquqiy, siyosiy ong va madaniyatni oshirish orqali qonun ustuvorligini taʼminlash; huquqiy, siyosiy ong va madaniyatni umumjamoa madaniyatining ajralmas tarkibiy qismiga aylantirish; qonunlarga rioya etish ko‘nikmasini shakllantirishda oila, taʼlim-tarbiya maskanlari, mahalla, jamoatchilik institutlari imkoniyatlaridan foydalanishga qaratilgan mexanizmlarni yaratish; xalqimizning siyosiy jarayonlarda bevosita va bilvosita ishtirokini yuqori darajaga ko‘tarish; qonun va qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamalarida aholining faol ishtirokini kengaytirish; korrupsiyaga qarshi kurashishning maʼnaviy-maʼrifiy va javobgarlikning muqarrarligi usullarini tanlash, odamlar ongida korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar bevosita strategiyada ko‘rsatilgan vazifalarni amalda qo‘llashda o‘z o‘rniga ega.

Maʼlumki, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda Ombudsman institutining roli beqiyos. Xususan, yangi O‘zbekiston sharoitida inson qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida tarannum etilar ekan, bu boradagi islohotlar jahon hamjamiyatini ham eʼtiborini jalb etmoqda.

Jahon tajribasidan maʼlumki, insonning asosiy huquq va erkinliklarini qatʼiy himoya qilmasdan va amalda taʼminlamasdan turib, jamiyatni demokratlashtirish mumkin emas.Shundan kelib chiqib, AQSHning Vandergil Universiteti qoshidagi maorif bo‘limi chop etgan (o‘zbek tiliga o‘girilgan.-T.1993 yil) “Demokratiya nima?” risolasida demokratik jamiyatda Asosiy inson huquqlari” quyidagicha ifodalanadi: so‘z, o‘z fikrlarini ifodalash va matbuot erkinligi; diniy eʼtiqod erkinligi; majlislar va uyushmalar erkinligi; qonun oldida teng himoya huquqi; qonunga rioya qilish va adolatli sud yuritish huquqi.

Mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yana-da kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish  maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 26.06.2021 yil PF-5163-sonli Qarori eʼlon qilingan edi. Mazkur Qarorga muvofiq, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va ularning asosiy vazifalari ko‘rsatib berildi. Ombudsman tomonidan har yili 15 martga qadar Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼruzani taqdim etish va uni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilab berildi.

Ombudsman institutining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yana-da oshirish, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlarini va hududlardagi ishtirokini kengaytirish, Ombudsman faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 10.09.2021 yil PF-6312-sonli Farmoni qabul qilingan bo‘lib, quyidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi:

- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish;

-davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;

- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini, shu jumladan ularning buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish orqali taʼminlash;

- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;

- harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish bo‘yicha taʼsirchan choralarni ko‘rish;

- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan holatlar haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish;

- aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish;

- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Mazkur farmon bilan Ombudsmanning joylarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari lavozimlari joriy qilindi va ularning asosiy vazifalari belgilab berildi:

-  inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash, inson huquqlari monitoringini tashkil etish va o‘tkazish;

-  fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashish;

-  o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga ko‘ra, murojaatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida ko‘rib chiqishni tashkil qilish;

-  ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy jazo o‘tayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish;

-  inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish sohasidagi axborot-maʼrifiy ishlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda amalga oshirish.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish borasida Buxoro viloyati Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan qonun doirasida tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mahbuslar murojaatlarini o‘rganish maqsadida hududdagi 4-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi uyushtirilib, murojaat mualliflari bilan yakkama-yakka tarzda suhbat o‘tkazilib, ularning talabi qonun doirasida hal qilinishida ko‘mak berilmoqda.

Hozirgi kundagi ijtimoiy hayotning barcha sohalaridagi islohotlarni hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etishda xalqqa yuridik bilimlar berish, yaʼni jamiyatdagi ijtimoiy-huquqiy faollikning zaruriy shartlari bo‘lgan demokratik tamoyillarni kishilar ongiga chuqurroq singdirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Huquqiy tarbiya – bu shaxsga nisbatan huquqiy ongni, shaxsning qonunga bo‘lgan xizmatini, qonunga itoatkor xulq-atvor ko‘nikmalari va odatlarini shakllantiruvchi uyushgan, bir tizimli, aniq maqsadni ko‘zlagan holda taʼsir etishdir.

Yuksak darajadagi huquqiy madaniyatga erishishning yagona yo‘li – huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiyani isloh qilish va rivojlantirishdir. Chunki huquqiy savodxonlik huquqiy madaniyat asosidir. “Huquqiy madaniyat – fuqarolarning yetukliligi va ongliligini ko‘rsatuvchi mezon. Huquqiy madaniyat tushunchasi huquqning rivojlanish darajasi, aholining huquq haqidagi tushunchasi, qonunlarning ahvoli, huquqni amalga oshirish ishlarini tashkil etish darajasi, huquqning obro‘yi singari elementlardan tashkil topadi... Shaxs qanchalik huquqiy bilimga ega bo‘lmasin, qonun va boshqa qoidalarga amal qilmasa, u jamiyat uchun katta zarar bo‘lib, bu huquqiy madaniyatsizlikni keltirib chiqaradi. Demak, huquqiy madaniyatga shaxsning o‘z huquq, erkinliklarini anglaganligini ko‘rsatuvchi mezon sifatida qarashimiz mumkin... Huquqiy madaniyat insonning huquq, jamiyat va davlatga bo‘lgan munosabatining alohida shaxs, uning huquq va manfaatlariga bo‘lgan munosabati bilan chambarchas bog‘liq, huquqiy madaniyat darajasi huquqiy tizimning rivojlanganlik darajasi, davlat va jamiyat institutlarining xalqchilligi, aholining bilim darajasi, huquqiy ong va jamiyatdagi huquqiy mafkura bilan uzviy aloqadorlikdadir”.

Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.

Davlatchilik anʼanalariga boy xalqimiz mustaqillik qo‘lga kiritilgan dastlabki kunlardanoq adolatli demokratik huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatining poydevorini barpo etishga kirishdi. Ammo zikr etilgan huquq va erkinliklar o‘z-o‘zidan, avtomatik ravishda yangi shaxsni kamol toptirish, yangi munosabatlarni shakllantirishga olib kelmaydi. Aristotel taʼbiri bilan aytganda, yashash, hayot kechirish shunchaki mashg‘ulot emas, u “faoliyatdir”. 

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston strategiyasining maqsadi – yurtimizning baxtli va barkamol insonlar farovon yashaydigan, ijtimoiy adolat tamoyillari to‘liq qaror topgan, dunyoning rivojlangan, barqaror o‘sayotgan va inson kapitali yuqori bo‘lgan demokratik davlatlari qatoridan joy olishini taʼminlashdir”.Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirishda Ombudsman institutining roli beqiyosdir.

Huseynova Abira Amanovna

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, falsafa fanlari doktori, professor