Videomurojaatda A.Xaliqovga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudi tomonidan 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangani, biroq u maʼmuriy qamoqni o‘tash uchun belgilangan joyga emas, Ohangaron shahar prokuraturasiga olib borilib, ushlab turilgani, shuningdek, ovqatlantirilmagani va advokati bilan uchrashtirilmayotgani haqida vajlar keltirilgan.
Mazkur holat Ombudsman tomonidan xabar eʼlon qilingan kunning o‘zida nazoratga olindi. Shu kuni Ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nazorat xati kiritildi.
Shuningdek, 6 may kuni Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Xaliqov saqlanayotgan Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonaga borib, u bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida A.Xaliqovning Maxsus qabulxonada saqlanayotganligi maʼlum bo‘ldi hamda uni saqlash sharoiti, ovqatlanishi, sog‘lig‘i va murojaatda ko‘tarilgan boshqa holatlar o‘rganildi. A.Xalikov bilan o‘tkazilgan holi suhbat jarayonida, u Maxsus qabulxonada belgilangan tartibda oziq-ovqat berilayotganini, qabulxona xodimlari xatti-harakatlari va saqlash sharoiti yuzasidan shikoyati yo‘qligini maʼlum qildi.
Joriy yilning 7 may kuni A.Xaliqovning maʼmuriy qamoq muddati tugab, u Maxsus qabulxonadan to‘liq ozod etilgan. Shuningdek, u shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari doirasida shu viloyat prokuraturasi tergov bo‘limiga yuborilgan.
Ombudsman mazkur holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot beriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






