Navbatdagi ochiq muloqotlar Buxoro, Namangan, Andijon, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida tashkil etildi. Dastlab, murojaatlar tahlil qilinib, har bir hudud uchun dolzarb masalalar aniqlandi va tegishli mas’ul idoralar vakillari jalb etildi.
Tadbirlar davomida 700 nafarga yaqin fuqaro qamrab olindi. Jumladan, Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Qalmoqon”, Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Qo‘rg‘oncha”, “Navoiy”, “Beruniy”, “Hurriyat”, “Bog‘” va “Shifokor”, Kosonsoy tumanidagi “Zamondosh”, “Uchqo‘rg‘on”, “Shirinbuloq”, Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi “Shoxguzar”, “Yuksalish”, “Boy”, “Do‘lana”, “Uchko‘cha”, Baliqchi tumanidagi “Eski markaz”, “Ko‘l”, “O‘rtaqo‘rg‘on”, “Markaz”, “Oqqo‘rg‘on” va Andijon shahridagi “Yuksalish”, “Mustaqillik”, “O‘zbegim”, “Tinchlik”, “Barkamol”, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi “Sarbozor”, “Nafis”, “Yo‘ltushgan”, “Gulzorobod”, “Yangiobod”, Yangiyo‘l shahridagi “Mezon”, “Navro‘z”, “Bahor”, “Yangibog‘” va “Baxt” mahallalarida yashovchi fuqarolar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar davomida Ombudsmanning inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni, mehnat migratsiyasiga oid qonunchilik talablari, kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikdan himoyalanish, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan ijtimoiy yordam turlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Ochiq muloqotlardan so‘ng, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan sayyor qabullar ham o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi talabalari ishtirokida ham “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish hamda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi mazkur uchrashuvlar aholining huquqiy xabardorligini oshirish, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni joyida o‘rganish hamda inson huquqlarini ta’minlashda davlat organlari va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






