Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik: MDH komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi
2026-yil 25-noyabr kuni Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Inson huquqlari komissiyasining yettinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova onlayn ishtirok etib, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalasida ma’ruza qildi.

MDH Ijroiya qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Kun tartibiga kiritilgan 16 ta masala doirasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik, xalqaro standartlarni amalga oshirish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, insonning sog‘liqni saqlash huquqini ta’minlash, penitensiar tizimda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda keksa yoshdagi insonlarning huquqlarini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Ombudsman Feruza Eshmatova o‘z ma’ruzasida mehnat migrantlarining huquqlarini migratsiya jarayonining barcha bosqichlarida, shuningdek, ularning oila a’zolari, ayniqsa, bolalar manfaatlarini inobatga olgan holda himoya qilish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlik, fuqarolar murojaatlarini birgalikda ko‘rib chiqish, monitoring tadbirlarini o‘tkazish va mehnat migrantlarining huquqiy xabardorligini oshirish borasidagi tajriba qayd etildi.

Bundan tashqari, MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, murojaatlar yuzasidan axborot almashish, migrantlar oilasi va farzandlari huquqlariga e’tibor qaratish hamda odam savdosi va majburiy mehnatdan jabrlangan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha MDH davlatlari tajribasi yuzasidan sharhlar ko‘rib chiqildi. Komissiyaning 2027-yildagi raisligi Qozog‘iston Respublikasiga topshirildi.

Mazkur yig‘ilish mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish sohasida davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, milliy inson huquqlari institutlari o‘rtasida tajriba almashish va amaliy mexanizmlarni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati