Memorandum doirasida, klub a’zolariga darsdan so‘ng Ombudsman institutida amaliyot o‘tash va ish o‘rganish uchun imkoniyat yaratilgan. Shuningdek, Ombudsman Devonining malakali xodimlari tomonidan talabalar uchun mahorat darslari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi mahorat darsi 2026-yilning 23-noyabr kuni o‘tkazilib, “Ombudsman klubi”ga a’zo bo‘lgan talabalar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Memorandum doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda klub a’zolarining nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda universitet professor-o‘qituvchilari hamda “Ombudsman klubi”ning 15 nafar a’zosi ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida talabalarga Ombudsman institutining faoliyati, uning asosiy vazifalari va vakolatlari, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berilib, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi amaliy faoliyat yuzasidan fikr almashildi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy bilim va dunyoqarashini kengaytirish, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda kelgusida inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritadigan malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati






