Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ishtixonda “Ombudsman maktabi”: fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar muhokama qilindi
2026-yilning 20-noyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda mazkur tumanning «Chig‘atoy», «Zartepa», «To‘por», «Jo‘ra Mahmudov», «Murotobod», «O‘zbekiston», «Qo‘chqor Shamsiyev», «Barlos», «Qora qo‘yli», «Murod Jo‘rayev» va «Safar xo‘ja» mahallalarida yashovchi 200 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.

“Ombudsman maktabi” tadbirlari hududlardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida, fuqarolar tomonidan ko‘p ko‘tarilayotgan masalalarni joyida muhokama qilish va ularga huquqiy tushuntirishlar berish maqsadida tashkil etilmoqda.

Tahlillar Samarqand viloyatidan 2025-yil davomida 1 409 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning 9 oyi davomida ularning soni 1 217 tani tashkil etgan. Ishtixon tumanidan ham 2025-yilda 70 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 56 tani tashkil etgan.

Tuman aholisidan kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlariga oid masalalarni tashkil etgan.

Mazkur murojaatlar tahlilidan kelib chiqib, uchrashuv davomida jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka murosasiz munosabatni shakllantirishda davlat organlari va mahalla hamkorligi, ehtiyojmand аҳоли qatlamlariga manzilli ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, fuqarolarning uy-joy va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini qonuniylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy va ijtimoiy masalalar yuzasidan savollar berib, taklif va mulohazalarini bildirishdi. Ko‘tarilgan masalalarni vakolatli idoralar bilan hamkorlikda o‘rganish va hal etish bo‘yicha tegishli choralar belgilab оlindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati