Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy ta’limda inklyuziv muhit: monitoringda aniqlangan muammolar qo‘mitalar majlisida muhokama qilindi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi hamda Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda bu borada mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan maxsus axboroti muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Xususan, oliy ta’lim tizimida inklyuziv muhitni shakllantirish, talabalarning sifatli ta’lim olishi va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot uchun, Ombudsman tomonidan 2026-yilning iyul–sentabr oylarida Respublikadagi 42 ta oliy ta’lim muassasasida monitoring tashriflari o‘tkazilgan. Monitoringlarda Ombudsman devoni va uning mintaqaviy vakillari, ta’lim sohasidagi vakolatli organ, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, sanitariya sohasi mutaxassislari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etgan.

O‘rganishlar davomida ayrim oliy ta’lim muassasalarining bino va inshootlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga to‘liq moslashtirilmagani, jumladan, panduslar, liftlar, maxsus sanitariya-gigiyena xonalari va boshqa qulayliklar yetarli darajada tashkil etilmagani aniqlangan.

Shuningdek, o‘quv adabiyotlari va elektron ta’lim resurslaridan foydalanishda imkoniyati cheklangan talabalar uchun ayrim to‘siqlar mavjudligi, maxsus texnik vositalar bilan ta’minlash hamda malakali mutaxassislar ko‘magini tashkil etish borasida ham hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar qayd etilgan.

Muhokamalar davomida inklyuziv muhitni baholashda faqat infratuzilmaning mavjudligi yoki ajratilgan mablag‘lar bilan cheklanib qolmaslik, eng avvalo, nogironligi bo‘lgan talabalarning yaratilgan sharoitlardan amalda to‘laqonli va mustaqil foydalana olishi asosiy mezon bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mas’ul tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda har bir oliy ta’lim muassasasi kesimida manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Bunda nogironligi bo‘lgan talabalarning fikr va takliflarini bevosita o‘rganish, ularning real ehtiyojlaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida oliy ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’lim sifatini oshirish, mavjud infratuzilmani takomillashtirish, ta’lim olishdagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish hamda bu boradagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qo‘mitalarning qo‘shma qarori qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati