Mazkur forum ilk bor yangi formatda tashkil etilib, Yevroosiyo ombudsmanlar alyansi yig‘ilishi, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda Yoshlar forumini birlashtirmoqda.
Xalqaro tadbirda dunyoning 70 ta mamlakatidan 450 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan, milliy inson huquqlari institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda yosh huquq himoyachilari qatnashmoqda.
Forumning birinchi kuni Yevroosiyo ombudsmanlar alyansi faoliyatiga bag‘ishlanib, uning tarkibini kengaytirish, inson huquqlarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yoshlarni internet tarmog‘idagi zararli axborot ta’siridan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida O‘zbekiston Ombudsmani o‘rinbosari yoshlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ular uchun xavfsiz raqamli muhitni shakllantirish hamda internetdagi zararli axborotdan himoya qilish borasida O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, raqamli makonda inson huquqlarini ta’minlashda huquqiy kafolatlarni takomillashtirish, aholining raqamli savodxonligini oshirish va yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Forum doirasida inson huquqlari himoya qilishning dolzarb masalalari yuzasidan tajriba almashish va ombudsman institutlari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish nazarda tutilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






