Shu maqsadda joriy yilning 13 noyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan “Ombudsman va fuqarolik jamiyati: o‘zaro muloqot va yechimlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik guruhlari vakillari, blogerlar, advokatlar hamda Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, fuqarolik jamiyati vakillari fuqarolarning buzilgan huquqlarini aniqlash, murojaatlarini o‘rganish, huquqiy maslahatlar berish, shuningdek parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Ombudsman instituti bilan hamkorlikda nodavlat notijorat tashkilotlari yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari manfaatlarini ta’minlash hamda hududlarda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga hissa qo‘shib kelmoqda.
Xususan, milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda mahbus va mahkumlarning huquqlari, saqlash sharoitlari, tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Fuqarolik jamiyati vakillari «Ombudsman maktabi», «Ombudsman soati», «Tenglik va hurmat» platformalari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
Davra suhbatida NNTlar bilan hamkorlik natijasida qonunchilikni takomillashtirish yo‘llari haqida so‘z yuritildi. Bunda monitoring tashriflari va fuqarolar murojaatlari tahlili orqali va aniqlangan tizimli muammolar asosida qonunchilik takliflari ishlab chiqilayotganligi qayd etildi.
Ombudsman tashabbusi bilan «Ombudsman va fuqarolik jamiyati: o‘zaro muloqot va yechimlar» platformasining yo‘lga qo‘yilishi tadbirning muhim yangiliklaridan biri bo‘ldi.
Mazkur platformaning asosiy maqsadi Ombudsman, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik o‘rtasida doimiy muloqot va maslahatlashuv mexanizmini shakllantirish orqali inson huquqlarini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashdir.
Platforma doirasida aholi murojaatlarida aks etayotgan tizimli muammolarni aniqlash va tahlil qilib borish, ularning yechimlarini ishlab chiqish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borish, har bir uchrashuv-muloqotida muayyan dolzarb masalalarni muhokama qilish, ular yuzasidan qonunchilikka takliflar va mas’ul davlat organlariga tavsiyalar kiritish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Davra suhbati yakunida «Ombudsman va fuqarolik jamiyati: o‘zaro muloqot va yechimlar» platformasi konsepsiyasi loyihasi ishtirokchilar e’tiboriga havola etilib, uning maqsadi, vazifalari va amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida ushbu platformaga start berildi, shuningdek hamkorlikda tizimli ishlashga kelishib olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






