Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xovosda "Ombudsman maktabi": aholi murojaatlari yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-yil 6-noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Xovos tumanidagi “Istiqlol”, “Do‘stlik”, “Tinchlik”, “Qayirma”, “Qahramon” va “Mustaqillik” mahallalaridan 70 nafar fuqaro qamrab olindi.

Ombudsmanga ushbu hududdan kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida aholi uchun dolzarb bo‘lgan masalalar belgilab olindi va ularni muhokama qilish uchun mas’ul idoralar vakillari ochiq muloqotga taklif etildi.

Tadbirda Ombudsmanning o‘rinbosari, Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, senator, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi raisi, Xovos tumani hokimi va viloyatdagi tegishli davlat tashkilotlari mas’ullari ishtirok etdi.

Ochiq muloqot davomida aholini ijtimoiy himoya qilish, bandlikni ta’minlash, fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali kambag‘allikni qisqartirish hamda fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishtirokchilarga o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Tadbirning keyingi qismida fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan javoblar berildi.

Tadbirdan so‘ng fuqarolar qabuli ham tashkil etilib, aholi murojaatlari qabul qilindi va o‘rganish talab etiladigan holatlar nazoratga olindi.

“Ombudsman maktabi” loyihasi aholining huquqiy xabardorligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ularning murojaatlari bilan ishlashda manzilli yondashuvni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati