Murojaatchining ta’kidlashicha, muassasa tomonidan taqdim etilgan javob xatida o‘rganish o‘tkazilgani qayd etilgan bo‘lsa-da, jarayon uning ishtirokisiz amalga oshirilgan. Shuningdek, javobga avvalgi murojaatlar doirasida olingan fotosuratlar ilova qilingan. Fuqaro ushbu holatlarning xolisona o‘rganilishini so‘ragan.
Mazkur murojaat Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan nazoratga olinib, Samarqand viloyati «Toza hudud» davlat muassasasiga rasmiy so‘rov yuborildi. Unda murojaatni ko‘rib chiqish jarayoni, mas’ul xodimlarning xatti-harakatlari va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan ma’lumot hamda tegishli hujjatlar talab qilindi.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida mas’ul xodimlar tomonidan mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgani yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, «Toza hudud» davlat muassasasining Bulung‘ur tumani filiali boshlig‘iga «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi, yuridik shartnomalar bo‘yicha yetakchi mutaxassisga esa ogohlantirish berildi.
Qayd etish lozimki, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish faqat javob xati yuborish bilan cheklanmasligi, har bir murojaatda ko‘tarilgan masalalar to‘liq, xolisona va qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganilishi lozim.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






