Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Umumta’lim muassasalari o‘quvchilarining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi huquqiy xabardorligi oshirilmoqda
O‘quvchilarga o‘z huquq va majburiyatlarini o‘rgatish, qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularga rioya etishning ahamiyati haqida bilim berish hamda ushbu bilimlarni kundalik hayotda qo‘llay olish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.

Mamlakatimizning bir qator umumta’lim muassasalarida “Ombudsman soati” darslari tashkil etilib, yoshlarning huquqiy savodxonligi oshirilmoqda.

Navbatdagi “Ombudsman soati” mashg‘ulotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan o‘tkazildi. Ularda 1 100 nafardan ortiq yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlar, jumladan, Buxoro viloyati Olot tumanidagi 28-sonli, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 46, 47 va 53-sonli, Navoiy viloyati Konimex tumanidagi 2, 7, 9 va 31-sonli, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 32 va 48-sonli, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 21-sonli, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 20-sonli va Shirin shahridagi 1-sonli, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 56-sonli, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 3, 5 va 9-sonli hamda Bo‘stonliq tumanidagi 29, 33, 34 va 53-sonli, Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 1 va 20-sonli, Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 20-sonli va Shovot tumanidagi 17-sonli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi 1 va 2-sonli hamda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 13-sonli umumta’lim maktablarida tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar interaktiv usullarda — videodarslar, o‘quvchilar bilan ochiq muloqot va hayotiy misollar asosida o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilarga inson qadr-qimmati, shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy va boshqa huquqlarga rioya etish masalalari hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.

Shuningdek, ma’ruzachilar huquqlar buzilgan taqdirda qaysi davlat tashkilotlariga murojaat qilish mumkinligi, Ombudsman turli vaziyatlarda inson huquqlarini himoya qilishga qanday yordam berishi, internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida videoroliklar asosida ma’lumot berdilar.

Bundan tashqari, o‘quvchilar kiberjinoyatlardan, ya’ni kompyuter, telefon, internet yoki boshqa raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sodir etiladigan jinoiy xatti-harakatlardan ogoh bo‘lish hamda turli salbiy ta’sirlarga tushib qolmaslik bo‘yicha hayotiy misollar asosida tushunchalarga ega bo‘ldilar.

O‘quvchilar mashg‘ulotlar mavzulari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati