Murojaatda qayd etilishicha, oilaviy poliklinikada ishlab kelgan xodima bola parvarishlash ta’tili davomida boshqa oilaviy poliklinikaga o‘tkazilgan, biroq ushbu o‘zgarishlar mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan.
Murojaat Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan nazoratga olinib, Qo‘shrabot tumani sog‘liqni saqlash bo‘limidan tegishli hujjatlar va tushuntirishlar olindi.
O‘rganish natijasida Ombudsman tomonidan Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qonun buzilishi holatini hamda ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Ombudsman taqdimnomasidan so‘ng Qo‘shrabot tumani sog‘liqni saqlash bo‘limining tegishli buyrug‘i bilan fuqaro M.M.ning o‘z arizasiga asosan bola parvarishlash ta’tilidan muddatidan oldin ishga qaytishi ta’minlandi.
Shuningdek, xodima uchun farzandi uch yoshga to‘lguniga qadar haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan ish vaqti belgilandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






