Shu maqsadda maxsus komissiya tuzilib, o'rganishlar O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi va Nogironlar jamiyati vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olish huquqini ta'minlash faqat ularning oliy ta'lim muassasasiga qabul qilinishi bilan cheklanmaydi. Talaba binoga mustaqil kirishi, auditoriya, kutubxona, sanitariya-gigiena xonalari va boshqa infratuzilma ob'ektlaridan xavfsiz va to'siqsiz foydalana olishi ham muhim.
Shundan kelib chiqib, monitoring davomida oliy ta'lim muassasalari binolari va infratuzilmasining nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qulayligi amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari asosida o'rganildi.
Xususan, binolarga kirish qismi va panduslarning belgilangan talablarga mosligi, ichki yo'laklar, eshiklar va auditoriyalarda aravachadan foydalanuvchi shaxslarning harakatlanish imkoniyati, taktil yo'lakchalar va Brayl yozuvidagi ko'rsatkichlar, chaqiruv tugmalari, moslashtirilgan sanitariya-gigiena xonalari hamda maxsus avtoturargoh joylarining mavjudligiga e'tibor qaratildi.
Mazkur masalalar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasi, "Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi Qonun hamda BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasida belgilangan nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olish va jamiyat hayotida boshqalar bilan teng asosda ishtirok etish huquqlaridan kelib chiqib o'rganildi.
Monitoring natijalari va tahlillar tegishli tashkilotlarga yuborilishi ta'minlanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






