YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) ko‘magida tashkil etilgan mazkur konferensiyada YXHT mintaqasidan davlat organlari, YXHT institutlari va tuzilmalari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda ekspertlar ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning bugungi muhokamalarida Ombudsman Feruza Eshmatova O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda ularni himoya qilishning milliy mexanizmlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilangan. Shu bilan birga, Konstitutsiyada inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning amaldagi shakllari va vositalarini to‘ldirishi alohida mustahkamlangan. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati kafolatlarining O‘zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlangani dunyodagi ilg‘or amaliyotlardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida ham milliy institutlarning rolini kuchaytirish, ularning vakolatlarini kengaytirish va faoliyati samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Feruza Eshmatova o‘z nutqida mamlakatimizda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz muomala turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm tubdan takomillashtirilganligini, xususan, yangi tahrirdagi qonun asosida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) parlament nazorati yo‘nalishida hamda yopiq muassasalarda monitoring o‘tkazish bo‘yicha vakolatlari yanada kuchaytirilganligini ta’kidladi.
Varshava konferensiyasi doirasida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni ta’minlash, qonun ustuvorligi, demokratik institutlarni mustahkamlash hamda YXHT mintaqasida inson o‘lchovi bo‘yicha majburiyatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






