Uchrashuvda mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson huquqlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganligi va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar e’tirof etildi.
Shuningdek, muloqotda Ombudsman institutining Parij prinsiplariga muvofiq «A» maqomini olishiga qaratilgan ishlar va xalqaro akkreditatsiyaga tayyorgarlikning keyingi bosqichlari muhokama qilindi. Unda Ombudsman institutining mustaqilligi va institutsional salohiyatini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining ta’sirchanligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Ennio Boati Ombudsman faoliyatidagi asosiy natijalarni ijobiy baholab, xususan, Ombudsmanning ta’sir choralari ijrosi, qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish amaliyoti, «Inklyuziv Ombudsman» loyihasi hamda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflariga e’tibor qaratdi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi vakillari «A» maqomini olishga tayyorgarlik doirasida keyingi qadamlar hamda xalqaro akkreditatsiya jarayonida inobatga olinishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan ekspert tavsiyalarini bildirdilar.
Shuningdek, mazkur jarayonda Ombudsman institutining salohiyatini oshirish, ekspert va uslubiy ko‘makni davom ettirish, xodimlar malakasini oshirish hamda xalqaro tajribani o‘rganish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






