Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonun loyihasi jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari hamda faol jamoatchilik vakillari ishtirokida ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati, avvalo, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan ishonchli himoya qilish, bunday qilmishlarning oldini olish, ularga nisbatan samarali huquqiy ta’sir choralarini belgilash hamda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirish bilan bog‘liq.

Qonun loyihasi fraksiyalar yig‘ilishlari va yalpi majlisda qizg‘in muhokama qilinib, birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi. Mazkur jarayonda Jamoatchilik kengashi a’zolari ham ishtirok etib, qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Mutaxassislar hamda jamoatchilik vakillarining takliflarini o‘rganish orqali loyihani yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) o‘rinbosari B. Narimanov ham ishtirok etib, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda bunday holatlarga tezkor va samarali huquqiy ta’sir choralarini kuchaytirishga qaratilgan takliflarini bildirdi.

Bu borada Ombudsman instituti tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va amaliy tashabbuslar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, “Tenglik va hurmat” loyihasi xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini ta’minlash, ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda zo‘ravonlik sodir etgan yoki unga moyil shaxslar bilan individual ishlashga qaratilgan. “Ombudsman soati” loyihasi esa maktablarda inson huquqlari bo‘yicha bilimlarni o‘quvchilarga “bola tilidan” sodda, tizimli va amaliy tarzda yetkazish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, o‘z huquq va majburiyatlarini anglash hamda jamiyatda o‘zaro hurmat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati