Navbatdagi ochiq muloqotlar Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etildi. Dastlab, Ombudsmanga ushbu hududlardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinib, aholi uchun dolzarb masalalar aniqlandi va tadbirlarga tegishli mas’ul idoralar vakillari jalb etildi.
Tadbirlar davomida 700 nafarga yaqin fuqaro qamrab olindi. Jumladan, Andijon viloyati Asaka tumanidagi “Amir Temur”, “Kadryat”, “Uzbekiston”, “Xamdustlik”, “Shodlik” va “Kamolot”, Oltinko‘l tumanidagi “Markaz”, “Dalvarzin”, “Madiyarchek”, “Oqtepa”, “Saroy”, “O‘rta” va “Suvyulduz”, Shahrixon tumanidagi “Mullaboy”, “Beshariq”, “Yangi Hayot”, “Ortish”, “Qashqar”, “Qorako‘rpa” va “Navbahor”, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Qapchug‘ay”, “Azimobod”, “Bozorboshi”, “G‘ayrat” va “Sharq”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi “Xalqabad”, “Quyoshli”, “Baxtli” va “Gujum terek”, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi “Sarbozor”, “Salovat”, “Iymon”, “Oltiug‘il”, “Turon”, “Istiqlol” va “Navruz”, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi “Bo‘ston”, “Navoiy”, “Navro‘z”, “Ibn Sino”, “Hayrobod”, “Bobotog‘”, “Bobur”, “Ko‘klam” va “Do‘stlik”, Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi “Angariq” mahallasi hamda boshqa mahallalarda yashovchi fuqarolar ishtirok etdi.
Ochiq muloqotlar davomida ishtirokchilarga ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, “himoya orderi”dan samarali foydalanish, ijtimoiy himoya, mehnat migratsiyasi, davlat hisobidan yuridik yordam olish, kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, tibbiy sug‘urta, pensiya ta’minoti, yoshlar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Tadbirlardan so‘ng Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan sayyor qabullar ham o‘tkazildi.
“Ombudsman maktabi” loyihasi aholi bilan davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish hamda murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga manzilli yondashishga xizmat qilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






