Tahlillar Angren shahridan Ombudsmanga murojaatlar oqimi oshganini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2025 yil davomida shahardan 106 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026 yilning birinchi yarmidayoq ular soni 99 taga yetgan. Yaʼni yarim yillik ko‘rsatkich o‘tgan yilgi jami murojaatlarning qariyb 93 foizini tashkil etgan. Mazkur dinamikaning sabablarini joyida o‘rganish, aholini eng ko‘p o‘ylantirayotgan masalalarni bevosita eshitish va ularga yechim topishda tegishli idoralar ishtirokini taʼminlash maqsadida Angren shahrida ochiq muloqot tashkil etildi.
Murojaatlarda, asosan, ijtimoiy va moddiy yordam, uy-joy va kommunal xizmatlar, mehnat huquqlari, kredit va bank munosabatlari, firibgarlik, mulk huquqi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.
Shu bois tadbirga fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarga bevosita daxldor davlat organlari va tashkilotlari vakillari jalb etildi. Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi vakili aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun mavjud imkoniyatlar haqida, Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish taʼsirini baholash instituti vakili esa davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi bo‘yicha tushuntirish berdi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi vakili ishtirokida kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, xususan, shaxsga doir maʼlumotlarni qo‘lga kiritish orqali bank kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirish va hisob raqamlariga kiberhujumlar uyushtirish kabi holatlardan himoyalanish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha bevosita mutasaddilarga savollar berib, huquqiy tushuntirishlar olishdi. Ko‘tarilgan masalalarni vakolatli idoralar bilan hamkorlikda o‘rganish va hal etish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.
Qayd etish lozimki, 2026 yilning birinchi yarim yilligida Ombudsmanga jami 10 468 ta murojaat kelib tushgandi. Fuqarolar murojaatlarini o‘rganish natijasida undirilgan hamda undirish belgilangan mablag‘lar 26 mlrd 849 mln so‘mni tashkil etdi. Shundan 25 mlrd 937 mln so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga oid. Shuningdek, qarzdorlik, sog‘liqqa yetkazilgan zarar, moddiy va maʼnaviy zarar hamda boshqa majburiy to‘lovlar bilan bog‘liq murojaatlar bo‘yicha 304,6 mln so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolar foydasiga undirildi. Ombudsman so‘rovlari asosida xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 435,9 mln so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi taʼminlandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






