Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qashqadaryoda murojaatlar ko‘p kelib tushayotgan hududlar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga kelib tushgan murojaatlar tahlili Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidan murojaatlar soni yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Shundan kelib chiqib, Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakilining Koson tumanida namunaviy faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Mazkur reja viloyat hokimligi, xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi hamda Ombudsmanning mintaqaviy vakili hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Rejaga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar mahallalar kesimida tahlil qilinib, murojaatlar soni yuqori bo‘lgan hududlar aniqlandi. Har bir hududga u yerda ko‘p ko‘tarilgan masalalardan kelib chiqib tegishli davlat tashkilotlari va idoralar biriktirildi. Ularga murojaatlarning kelib chiqish sabablarini joyida o‘rganish va masalalarni manzilli hal etish vazifasi yuklatildi.

Joriy yilning 8-iyulidan bugungi kunga qadar tumanda 37 marotaba sayyor qabul va uchrashuv o‘tkazildi. Ular tumandagi 74 ta mahallaning 25 tasini qamrab oldi.

Sayyor qabullar davomida 137 ta masala bo‘yicha murojaat qabul qilindi. Shundan 52 tasi ko‘rib chiqilib, 40 tasi, ya’ni 76 foizi ijobiy hal etildi, 12 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. Qolgan 85 ta murojaat hozirda o‘rganish jarayonida.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi nafaqa tayinlash, moddiy yordam va pensiya, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, aliment va qarz undirish, ijro ishi yuritish, shuningdek, kredit, bank xizmatlari hamda soliq masalalariga taalluqli.

Sayyor qabullar va tegishli tashkilotlarni hududlarga biriktirish orqali murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni fuqarolar yashaydigan joyning o‘zida o‘rganish va hal etish choralari ko‘rilmoqda.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati