Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Finlyandiya inson huquqlari milliy institutlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026 yilning 29 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Finlyandiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoxanna Mariya Ogren bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson oliy qadriyat sifatida mustahkamlangani, mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar va ularning natijalari, shuningdek, ushbu jarayonlarda Ombudsman institutining o‘rni hamda faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z bordi.

Yoxanna Mariya Ogren inson huquqlari sohasida hech bir davlat o‘zini barcha masalalarni hal qilgan mamlakat sifatida ko‘rsata olmasligini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, Finlyandiyada gender tengligi sohasidagi islohotlar ancha avval boshlangan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishdagi ishlar hozir ham izchil davom etmoqda. Inson huquqlarini taʼminlash doimiy o‘rganish, takomillashtirish va harakatni talab etadigan uzluksiz jarayon ekani qayd etildi.

Elchi, shuningdek, inson huquqlari va qonun ustuvorligining iqtisodiy taraqqiyot bilan chambarchas bog‘liq ekaniga eʼtibor qaratdi. Uning fikricha, inson huquqlari ishonchli himoya qilingan va qonun ustuvorligi taʼminlangan mamlakat investitsiyalar uchun ham jozibador muhit yaratadi. Bu borada O‘zbekistonni JSTga azo bo‘layotganligini olqishladi.

Muloqotda Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari faoliyatiga ham qiziqish bildirildi. Elchi ularning ish tajribasi bilan yaqindan tanishish istagini bildirdi.

Shuningdek, umumtaʼlim maktablarida joriy etilgan «Ombudsman soati» loyihasi muhokama qilinib, bolalarda inson huquqlariga hurmat va huquqiy madaniyatni erta yoshdan shakllantirish muhim ekani taʼkidlandi.

Uchrashuvda Finlyandiya Ombudsmani instituti hamda Helsinki universiteti huzuridagi Qonun ustuvorligi markazi bilan amalga oshirilayotgan hamkorlikning bugungi natijalari ham sarhisob qilinib, qo‘shma loyihalarni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati