Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Markaziy tergov hibsxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi
2026 yilning 28 iyul kuni Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti tasarrufidagi Markaziy tergov hibsxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ham ishtirok etdi.

Yangi binoda advokatlarning himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashishi uchun mo‘ljallangan xonalar soni 19 tadan 50 taga, tergov xonalari 6 tadan 25 taga, onlayn sud xonalari esa 4 tadan 11 taga ko‘paytirilgan. Shuningdek, "E-advokat" platformasi orqali uchrashuv vaqtini onlayn belgilash imkoniyati yaratilgan.

Hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yaqinlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalari soni 14 tadan 36 taga yetkazilgan. Voyaga yetmaganlar va bolali ayollar uchun 55 ta kamera ajratilgan. Bino videokuzatuv kameralari bilan jihozlanib, ular markazlashtirilgan nazorat tizimiga ulangan. Nazorat-o‘tkazish jarayonlari avtomatlashtirilib, fuqarolar, xodimlar va advokatlar uchun alohida kirish-chiqish yo‘laklari tashkil etilgan.

Qayd etish lozimki, Ombudsman tomonidan 2021–2025 yillarda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 3017 marta, 2026 yilning dastlabki 6 oyida esa 521 marta monitoring tashrifi amalga oshirilgan. Ularning qariyb 500 tasi tergov hibsxonalarida o‘tkazilgan.

Monitoringlar va kelib tushgan murojaatlar advokatlarning himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashishi uchun xonalar yetishmasligi, shu sababli ularning uzoq vaqt navbat kutib qolishi bilan bog‘liq holatlar mavjudligini ko‘rsatgan. Shu munosabat bilan Ombudsman tomonidan 2023–2024 yillarda qo‘shimcha sharoitlar yaratish va yangi bino qurish masalasida Jazoni ijro etish departamentiga bir necha bor takliflar kiritilgan edi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati