Unda Nogironlar assotsiatsiyasi, Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati, Ijtimoiy himoya agentligi, Toshkent davlat yuridik universiteti O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy tadqiqotchilari va boshqa davlat organlari va tashkilotlarning soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Ombudsman parlament nazorati subyekti sifatida nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning huquq va erkinliklari taʼminlanishi holatini o‘rganish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish hamda qabul qilingan hujjatlarning ijrosini monitoring qilishga alohida eʼtibor qaratadi.
Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat organlariga murojaat qilish huquqini taʼminlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, ularning Ombudsmanga murojaat qilishi, shaxsiy va sayyor qabullarda ishtirok etishi, axborot olishi hamda huquqiy himoya mexanizmlaridan to‘liq va teng foydalanishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurati mavjud.
“Inklyuziv Ombudsman” loyihasi Ombudsman institutini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jismoniy, raqamli va kommunikatsion jihatdan qulay inson huquqlari institutiga aylantirishga qaratilgan kompleks tashabbus hisoblanadi.
Loyiha doirasida ko‘rish, eshitish yoki nutq imkoniyati cheklangan shaxslarning Ombudsmanga audio va video shaklda murojaat yuborishi uchun maxsus Telegram-bot ishlab chiqish, rasmiy veb-saytni xalqaro inklyuzivlik standartlariga moslashtirish masalalari ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan sharoitlarni fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda joylarga chiqqan holda o‘rganish, chekka va olis hududlarda sayyor qabullar va monitoring tadbirlarini o‘tkazish ham nazarda tutilmoqda. Shu munosabat bilan, Ombudsman bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasalarida to‘siqsiz muhit yaratilganlik sharoitlarni o‘rganish ishlari boshlangani qayd etildi. Bunday o‘rganishlar natijasida aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli davlat organlariga taklif va tavsiyalar kiritiladi.
Muloqot yakunida bildirilgan fikr va takliflarni “Inklyuziv Ombudsman” loyihasini takomillashtirishda inobatga olish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilab olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






