Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Buxorodagi yopiq muassasalar xodimlari uchun “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida 1, 17 va 20-sonli jazoni ijro etish koloniyalari hamda 4-sonli tergov hibsxonasi maʼmuriyati xodimlari uchun qator tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlarda Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati D.Axmedova hamda “Yuksalish” harakati Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari H.Bobojonovlar ham ishtirok etishdi.

Tadbirlarda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, shuningdek Ombudsmanning qiynoqqa solish hollarining oldini olish bo‘yicha faoliyati haqida qonunchilik asosida tushuntirishlar berildi.

Muloqotlar davomida inson huquqlarini taʼminlash har bir mansabdor shaxsning bevosita masʼuliyati ekani, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida  saqlanayotgan mahkum va mahbuslarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ularga nisbatan har qanday ruhiy, maʼnaviy yoki jismoniy bosimga yo‘l qo‘ymaslik qonun talabi ekani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, mamlakatimizda inson qadri oliy qadriyat sifatida eʼtirof etilgani va mazkur tamoyil yopiq muassasalar faoliyatida ham qatʼiy taʼminlanishi lozimligi qayd etildi.

Tadbirlarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga huquqiy tushuntirishlar oldilar.

Shuningdek, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Buxoro shahridagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan “G‘amxo‘rlik” markazida ham tadbir tashkil etildi. Unda muassasa ijtimoiy xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga oid farmonining mazmun-mohiyati tushuntirildi hamda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati