Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Belarusdagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi  murojaati hal etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan xorijiy davlatlarga amalga oshirilayotgan tashriflar davomida penitensiar muassasalarda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

Bunday uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijda bo‘lib turgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini o‘rganish, ularning murojaatlarini tinglash hamda zarur huquqiy yordam ko‘rsatilishiga ko‘maklashishdan iborat.

Joriy yilning 15 may kuni O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Ombudsman tashabbusi bilan Minsk shahridagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.

Uchrashuv davomida muassasada saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi homilador ekani, tergov hibsxonasi sharoitida farzandi dunyoga kelganidan so‘ng uni zarur darajada parvarishlash imkoniyati cheklanganini bildirib, bolaning O‘zbekistondagi yaqin qarindoshlari qaramog‘ida bo‘lishini istashini maʼlum qildi. Shu munosabat bilan u farzandi tug‘ilganidan keyin uni belgilangan tartibda O‘zbekistonga qaytarish va yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirish masalasida amaliy yordam so‘radi.

Murojaat nazoratga olinib, farzand tug‘ilganidan so‘ng tegishli davlat organlari va O‘zbekistonning Belarus Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida zarur huquqiy hamda konsullik tartib-taomillari amalga oshirildi.

Natijada chaqaloqning O‘zbekistonga qaytarilishi uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Joriy yil iyul oyida chaqaloq yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirilib, O‘zbekistonga olib kelindi.

Mazkur holat fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, bolaning eng yaxshi manfaatlarini taʼminlash hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikning amaliy natijasi bo‘ldi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati