Seminarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Milliy institutlar va mintaqaviy mexanizmlar seksiyasi inson huquqlari bo‘yicha xodimi Mattias Klettermayerlar ishtirok etishdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad BMTning Milliy inson huquqlari institutlarini akkreditatsiya qilish bo‘yicha kichik qo‘mitasi (SCA) tomonidan berilgan tavsiyalarni amalga oshirish, Ombudsman instituti faoliyatini Parij tamoyillari talablariga muvofiq amalga oshirish hamda bu boradagi xalqaro tajribalarni muhokama qilishdan iborat.
Seminar davomida Ombudsman institutining xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat yuritishiga doir muhim yo‘nalishlar, jumladan, Ombudsmanni saylash jarayonlari, xalqaro inson huquqlari tizimi hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, inson huquqlari buzilishi holatlariga munosabat bildirish mexanizmlari, moliyaviy mustaqillik, institutsional salohiyat, strategik rejalashtirish va hududiy qamrov masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, BMT tizimidagi akkreditatsiya jarayoni yuzasidan fikr almashilib, SCA tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlarni belgilashga qaratilgan yo‘l xaritasi loyihasini ishlab chiqish nazarda tutildi.
Seminar davomida Ombudsman instituti tomonidan 2020 yilda GANHRIning “V” maqomidagi akkreditatsiyasi olinganidan so‘ng inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasidagi faoliyat, hududlardagi mintaqaviy vakillar instituti, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik, monitoring va tahliliy ishlar hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar haqida maʼlumot berildi.
Seminar 15 iyul kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






