2026 yilning 10 iyul kuni O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan “Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda Ombudsman va Konstitutsiyaviy sudning hamkorligini kuchaytirish” mavzusidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini taʼminlash, murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman instituti o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribalarni muhokama qilishdan iborat.
Tadbirda Konstitutsiyaviy sud sudyalari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Advokatlar palatasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari, Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyasi hamda Ilmiy-maslahat kengashlari aʼzolari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova kirish so‘zida fuqarolar murojaatlari davlat organlari faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim huquqiy manba ekanini, ularni chuqur tahlil qilish orqali qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yana-da takomillashtirish mumkinligiga eʼtibor qaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov Konstitutsiyaning ustuvorligini taʼminlash, inson huquqlarini ishonchli himoya qilish va murojaatlarda ko‘tarilayotgan tizimli masalalarni huquqiy jihatdan hal etishda Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga binoan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan subyektlar qatorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ham belgilangan.
Maʼlumki, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti asosiy vazifasi – inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iborat.
Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman hamkorligida inson huquqlarini himoya qilish, konstitutsiyaviy nazoratni takomillashtirish va Konstitutsiya normalarini amaliyotga samarali tatbiq etishga bag‘ishlangan qator ilmiy-amaliy anjumanlar va davra suhbatlari tashkil etildi. Ombudsman va uning vakillari Konstitutsiyaviy sudning ochiq sud majlislarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Bu kabi hamkorlik nafaqat ikki institut o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga, balki mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Konferensiya davomida ishtirokchilar tomonidan Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman institutining o‘zaro hamkorligi, murojaatlar tahlili asosida konstitutsiyaviy nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarni aniqlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman o‘rtasida fuqarolar murojaatlari bo‘yicha axborot almashinuvini yana-da tizimlashtirish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma takliflar ishlab chiqish, inson huquqlarini himoya qilish sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot olib borish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman institutining yaqin hamkorligi fuqarolarning huquq va erkinliklarini yana-da ishonchli himoya qilish, Konstitutsiyaning ustuvorligini taʼminlash hamda inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan islohotlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






