Majlisda Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida", "Fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy sudlar tomonidan daʼvoni taʼminlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida", “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorlari loyihalari ko‘rib chiqildi.
Ombudsman F.Eshmatova “Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida"gi qaror loyihasi bo‘yicha so‘zga chiqdi.
O‘z nutqida Ombudsman mamlakatda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining markazida inson qadri, huquq va erkinliklarini taʼminlash ustuvor vazifa ekanini taʼkidladi. Shu nuqtai nazardan, fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda yagona sud amaliyotini shakllantirish, qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llash muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Mazkur qaror loyihasi sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishini taʼminlash, shu orqali inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi bildirildi.
Ombudsman Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalari yuzasidan doimiy ravishda o‘z takliflarini kiritib boradi. Mazkur qaror loyihasi bo‘yicha ham inson huquqlari va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan takliflar berilgan.
Qayd etish lozimki, mazkur Plenum majlisi birinchi marotaba Oliy sudning Interaktiv xizmatlari portali orqali jonli efirga uzatildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






