Tadbirlar Samarqand viloyatidagi 7-son Tergov hibsxonasi, Qashqadaryo viloyatidagi 10-son Jazoni ijro etish koloniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 2-son Tergov hibsxonasi va Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus mintaqaviy filiali hamda Surxondaryo viloyatidagi 9-son Tergov hibsxonasida xodimlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 450 nafardan ortiq xodim ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga qiynoqlarning oldini olish sohasidagi milliy va xalqaro huquqiy mexanizmlar, jumladan, “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, “Miranda qoidasi” tamoyillari hamda ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi ifodasi haqida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 2-son Tergov hibsxonasi xodimlarining “Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiya” to‘g‘risidagi xabardorlik darajasi test savollari bilan sinovdan o‘tkazildi.
Tadbir yakunida muassasa xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan asoslantirilgan javob va huquqiy tushuntirishlar oldilar.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






