Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryoda zoʻravonlikdan jabrlangan ayollar murojaatlari tinglandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida Sirdaryo viloyatida zoʻravonlikka uchragan ayollar bilan muloqot qilindi.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Sirdaryo viloyati hududiy markazida tashkil etilgan “Huquqiy yordam avtobusi” tadbirida Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, viloyat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi, Guliston shahar IIB hamda Guliston davlat universiteti psixologi ishtirok etdi.

Ayni paytda mazkur markazda farzandlari bilan birga 8 nafar ayol yashamoqda. Uchrashuv davomida ularning muammolari tinglanib, ularga davlat himoyasi, huquqiy va psixologik ko‘mak, shuningdek ishlash, tadbirkorlik bilan shugʻullanish va uy-joy masalalari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar haqida tushuntirishlar berildi.

Uchrashuvdan keyin ular bilan alohida suhbat o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi. Xususan, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarning barchasi bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.

Muloqot chogʻida nafaqat jabrlanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash, balki zoʻravonlikka yoʻl qoʻygan shaxslar bilan profilaktik va tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish muhimligi ham taʼkidlandi.

Tadbir yakunida markazdagi ayollar bilan tajribali psixologlar tomonidan yakka tartibda ish olib borilib, ularning ruhiy holatini tiklash va psixologik qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.