Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi”: aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida hududlarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Navbatdagi ochiq muloqotlar Xorazm, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazildi. Dastlab, murojaatlar tahlil qilinib, har bir hudud uchun dolzarb masalalar aniqlandi va tegishli mas’ul idora vakillari jalb etildi.

Tadbirlar davomida 800 nafarga yaqin fuqarolar qamrab olindi. Jumladan, Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Mug‘oncha”, Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi “Burqut”, “Mirzo Salimiy”, “Istiqlol”, “Yangiobod”, “Toshko‘prik” va “Tadbirkor”, Jomboy tumanidagi “Mustaqillik”, “Beshbola”, “Dehqonobod”, “Nurafshon”, “Navoiy” va “Sharq yulduzi”, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi “Qudash”, “Konizar”, “Sho‘rsuv”, “Nursux”, “O‘qchi” va “Oxunboboyev”, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Shodlik”, “Ma’rifat”, “Eski shahar”, “Tuproq qo‘rg‘on”, “Gulira’no”, “Bog‘zor”, “Tinchlik”, “Alpomish”, “Majnuntol” va “Guliston” mahallalarida yashovchi fuqarolar ishtirok etdi.

Uchrashuvlar davomida ishtirokchilarga kiberxavfsizlik, moliyaviy firibgarliklarning oldini olish, mehnat sohasidagi huquq va kafolatlar, shuningdek mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq qonunchilik tartiblari, ijtimoiy himoya yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Ochiq muloqotlardan so‘ng, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarining sayyor qabullari ham o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari qabul qilindi.

Shuningdek, Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Xorazm viloyati Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi narkologiya xizmati filialida ham “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbir savol-javob va erkin muloqot shaklida o‘tdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.