Ombudsman tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti vakillari, Ichki ishlar akademiyasi Jazoni ijro etish faoliyati kafedrasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Komplaens-nazorat” tizimini joriy etish va ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tartibga solish boshqarmasi vakillari hamda Markaziy tergov hibsxonasi ma’muriyati va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Ombudsmanning qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan faoliyati, ushbu yo‘nalishda qabul qilingan xalqaro va milliy qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Xususan, BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi talablari hamda ularning milliy qonunchilikda aks etishi yuzasidan tushunchalar berildi.
Davra suhbatida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha amaliy choralar, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, xodimlar mas’uliyatini oshirish, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik hamda xizmat jarayonida inson huquqlariga qat’iy rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir savol-javoblar va o‘zaro munozaralarga boy tarzda o‘tdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






