Monitoring tashriflarida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxonalar, tibbiyot bo‘limlari, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali muloqot qilish, uchrashuv xonalari, tintuv xonalari, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi shart-sharoitlar, shuningdek, videokuzatuv kameralarining holati o‘rganildi.
Monitoringlar davomida ayrim muassasalarda ilgari aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasida shaxslar uchun mo‘ljallangan xonalar ta’mirlanib, zarur jihozlar bilan ta’minlanganligi aniqlandi.
Shuningdek, ayrim muassasalarda moddiy-texnik jihozlash va xavfsizlik choralarini yanada takomillashtirish zarurati borligi qayd etildi. Xususan, Gurlan tumanidagi hushyorxona zarur kompyuter texnikasi va konditsioner bilan ta’minlanmagani, shuningdek, punktga kirish qismi oldida kuzatuv kamerasi o‘rnatilmagani qayd etildi.
Monitoring jarayonida “Ombudsman qutisi” orqali kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi, muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, murojaatlar qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






