Navbatdagi mashg‘ulotlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon, Xorazm, Qashqadaryo, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari tomonidan o‘tkazildi. Ularda 1200 nafardan ortiq o‘quvchi qamrab olindi.
Darslar Andijon viloyati Andijon shahridagi 31-, 43-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi, Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi 33-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi, Urganch tumanidagi 36-, 38-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi, Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 83-sonli maktab, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli maktab, Yakkasaroy tumanidagi 135-sonli maktab, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 23-, 60-, 90-sonli umumtaʼlim maktablari, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 5-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi, Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi 14-, 38-, 47-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi, Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 2-, 4-, 5-, 6-sonli maktablar, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 72-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi, Ishixon tumanidagi 30- hamda 1-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktablarida tashkil etildi.
Darslar anʼanaviy maʼruza shaklida emas, balki interaktiv metodlar, video darslar, o‘quvchilar bilan ochiq muloqot va hayotiy misollar asosida o‘tkazildi. Ularda bolalar va yoshlar huquqlari, shaxsiy daxlsizlik, taʼlim olish huquqi, burch va masʼuliyat tushunchalari, shuningdek, raqamli muhitda o‘zini himoya qilish, kiberbullingning oldini olish va internetdan xavfsiz foydalanish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati kabi mavzular muhokama qilindi.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar turli keyslar orqali huquqiy vaziyatlarni tahlil qilish, muammoli holatlarda to‘g‘ri yo‘l tutish, o‘z huquqi buzilganda qaysi tashkilotlarga murojaat qilish mumkinligi haqida amaliy maʼlumotlarga ega bo‘ldilar.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






