Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” platformasi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda o‘tkazilmoqda
Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” platformasi endilikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ham tashkil etilmoqda.

Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahkum va mahbuslarga o‘z huquqlari, Ombudsmanga murojaat qilish tartibi, qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalalarning oldini olish bo‘yicha mavjud kafolatlar, shuningdek jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin jamiyatga moslashish jarayonida foydalanishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-huquqiy imkoniyatlar haqida tushunchalar berishdir.

Shu maqsadda “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 27-son manzil-koloniyasi, Sirdaryo viloyatidagi 40-son manzil-koloniyasi, Surxondaryo viloyatidagi 41-sonli manzil koloniyasi, Farg‘ona viloyatidagi 10-son tergov hibsxonasi hamda Xorazm viloyatidagi 11-son tergov hibsxonasida mahkum va mahbuslar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda u yerlarda saqlanayotgan 300 nafarga yaqin ishtirokchilar qamrab olindi.

Tadbirlarga hududlardagi Probatsiya boshqarmalari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari masʼul vakillari tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar, jumladan ozodlikka chiqish arafasida turgan mahkumlar uchun zaruriy maʼlumotlar berildi. Jumladan, Ombudsmanning yopiq muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi vakolatlari, mahkum va mahbuslarning murojaat qilish huquqi, shuningdek murojaat qilgan shaxsga nisbatan bosim o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar uchun muhim bo‘lgan probatsiya tartibi, ozod qilingan shaxslarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bir martalik yordam puli olish va boshqa imkoniyatlar haqida tushuntirish berildi.

Muloqotlar davomida mahkum va mahbuslar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tegishli huquqiy tushuntirishlar oldilar. Ishtirokchilarning faolligi va savollari mazkur yo‘nalishda huquqiy xabardorlikni oshirishga ehtiyoj yuqori ekanligini ko‘rsatdi.

Tadbirlar yakunida sayyor qabullar ham o‘tkazilib, mahkum va mahbuslarning murojaatlari qabul qilindi. Ularda ko‘tarilgan masalalarning aksariyati tegishli idoralar bilan hamkorlikda joyida o‘rganilib, xal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar esa Ombudsman nazoratiga olindi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati