Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mintaqaviy vakillar mahalliy Kengashlarga inson huquqlarini himoya qilish holati yuzasidan maʼruza taqdim etdi
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasiga muvofiq, Ombudsmanning mintaqaviy vakili hududda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish holati to‘g‘risida Ombudsman bilan kelishilgan holda har yili tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga maʼruza taqdim etadi.

Ushbu qonun talabi ijrosi doirasida xalq deputatlari Navoiy, Buxoro va Farg‘ona viloyatlari Kengashlari sessiyalarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hududiy mintaqaviy vakillari tomonidan tegishli maʼruzalar taqdim etildi.

Xususan, Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashida Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Djurayev, Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashida Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashida esa Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili Alisher Kamilov maʼruza bilan ishtirok etdi.

Maʼruzalarda hududlar kesimida Ombudsman mintaqaviy vakillariga kelib tushgan murojaatlar tahlili, ularda ko‘tarilayotgan asosiy masalalar, fuqarolar huquqlarini tiklash borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida kiritilgan taʼsir choralari va ularning ijrosi hamda aholining huquqiy xabardorligini oshirish, ochiq muloqotlar, chekka hududlarda sayyor qabullarda ko‘tarilgan masalalarga alohida to‘xtalindi. Bu borada idoralararo hamkorlikning samaradorligiga ham urg‘u berildi.

Mahalliy Kengashlarda ushbu maʼruzalarning muhokama qilinishi hududlarda inson huquqlarini taʼminlash, murojaatlarda ko‘tarilayotgan tizimli masalalarni tahlil qilish hamda ularni hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati