Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026 yilning 22 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Rossiya Federatsiyasi Oltoy o‘lkasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Anton Vasilyev bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, pensiya tayinlashda mehnat staji va ish haqini tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi o‘zaro hamkorlikning boshqa dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilganidek, 2025 yilda O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolangan. Ushbu hujjat doirasida har ikki davlat hududida yashayotgan fuqarolarning murojaatlarini hamkorlikda o‘rganish, ularni ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish nazarda tutilgan.

Tomonlar mazkur mexanizm fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim amaliy ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, transchegaraviy xususiyatga ega ijtimoiy-huquqiy masalalar yuzasidan o‘zaro axborot almashinuvini yana-da kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati