Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro L.A. Samarqand viloyatidagi tibbiyot markazlaridan birida faoliyat yuritgan. Lekin, ish o‘rni qisqartirilganidan hamda xodimlar o‘rtasida tabaqalashtirish mavjudligidan norozi ekanini bildirgan va ishga tiklanishida amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘rganilib, murojaatchini boshqa tibbiyot markaziga 1,0 shtat birligiga laboratoriya xodimi sifatida ishga joylashtirildi.
Shuningdek, Urgut tumanida yashovchi fuqaro D.I. mehnat huquqlari buzilganidan shikoyat qildi.
Murojaatda aytilishicha, laboratoriya bo‘limi qisqartirilgani vaj qilinib, fuqarodan ishdan bo‘shash haqida ariza yozdirib olingan. Biroq u bilan bir vaqtda 0,5 stavkada ishlab kelgan boshqa xodim qayta ishga qabul qilinib, murojaatchi ishsiz qolgan.
Murojaat nazoratga olinib ishga oid hujjatlar o‘rganildi va tegishli vakolatli tashkilot va idoralarga murojaat qilinishi natijasida fuqaro 1 shtat birligiga ishga qabul qilindi. Hozirda mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.
Murojaatchilar iltimosiga ko‘ra xabarda ularning ish joylari aniq ko‘rsatilmadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






