Tadbir Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan mutasaddi idoralar va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi, viloyat Adliya boshqarmasi hamda “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari jalb etildi.
Uchrashuv davomida ayollarning murojaatlari Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda tegishli idoralar vakillari tomonidan tinglanib, har bir holat yuzasidan manzilli choralar belgilandi. Xususan, 1 nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ko‘zlariga gavhar qo‘yildi va uning ko‘rish qobiliyati tiklandi. Yana bir ayolning ikki nafar farzandi bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga joylashtirilib, zarur davolash ishlari olib borildi. Boshqa bir ayolning salomatligidagi muammolar aniqlanib, to‘liq tibbiy ko‘rik hamda davolanishi taʼminlandi.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida huquqlari buzilgan 2 nafar ayolning murojaatlari bo‘yicha dastlabki tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ombudsman tashabbusi bilan ko‘tarilgan yana bir muhim masala — markaz boshpanasida yashovchi bolalarning taʼlim-tarbiyasi bo‘ldi. Shu asosda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 8 nafar bolani maktabgacha taʼlimga jalb etish masalasi tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, ularning vaqtincha taʼlim va tarbiya olishi uchun nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga biriktirildi.
Tadbir doirasida markazda reabilitatsiya dasturini o‘tayotgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini kuchaytirish, shuningdek ayollarni jamiyatga moslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, har hafta maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlar tashkil etish, reabilitatsiya dasturini yakunlagan ayollarni yashash joyida qo‘llab-quvvatlash ishlarini davom ettirish bo‘yicha yondashuvlar belgilab olindi.
Mazkur tadbir Ombudsman tashabbusi bilan zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning murojaatlarini shunchaki eshitish emas, balki ularning hayoti, sog‘lig‘i, huquqiy himoyasi va farzandlari kelajagi bilan bog‘liq masalalarga aniq yechim topishga qaratildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






