Monitoring doirasida Navoiy shahrida joylashgan 4 va 11-son jazoni ijro etish koloniyalarida mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Xususan, oshxona, yotoqxona, maishiy xonalar, tibbiyot bo‘limi, uchrashuvxonalar hamda ishlab chiqarish sexlari ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, mahkumlarning belgilangan huquqlaridan foydalanish holati, ularni kasbga o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan ham tanishildi. Jumladan, tikuvchilik, elektriklik, asalarichilik, chorva va parrandachilik, dehqonchilik, duradgorlik, yumshoq mebel tayyorlash hamda xorijiy tillarni o‘rganish yo‘nalishlaridagi mashg‘ulotlar o‘rganildi.
Tashriflar davomida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi, xoli tarzda qabul qilindi. Shu bilan birga, muassasalarda o‘rnatilgan “Ombudsman qutisi”lari ko‘zdan kechirilib, kelib tushgan murojaatlar nazoratga olindi.
Monitoringning keyingi manzili Navoiy shahar vaqtincha saqlash hibsxonasi bo‘ldi. U yerda saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek tergov va advokatlar bilan uchrashuv xonalari holati o‘rganildi.
31 mart hamda 1 aprel kunlarida 36-son manzil-koloniyasi va mahkumlar mehnat qilayotgan obyektlarga, shuningdek Zarafshon shahar ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash hibsxonasi, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona, mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti, 12-son jazoni ijro etish koloniyasi, Nurotadagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi hamda Qiziltepa tumanida joylashgan 5-son jazoni ijro etish koloniyasidagi shart-sharoitlar ham o‘rganildi.
Qayd etish lozimki, 4-, 5-, 11- va 12-jazoni ijro etish koloniyalarida xorijiy tillar to‘garagi tashkil etilgan. O‘quv xonalari 10 ta zamonaviy interaktiv doskalar bilan taʼminlangan bo‘lib, metodik qo‘llanma, darslik va zarur adabiyotlar mavjud. Mashg‘ulotlar videotaqdimotlar, multimedia darsliklari, elektron resurslar va interaktiv o‘yinlardan foydalangan holda o‘tiladi.
Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi maʼlum qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijalari yuzasidan tayyorlanadigan tahliliy maʼlumotlar va tavsiyalar tegishli davlat organlariga taqdim etib kelinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






